San-Fransiskoda joylaşgan Fal startapi yangi moliyalaştiriş raundida 1,3 mlrd dollar jalb qildi. TechCrunch naşri Bloomberg’ga tayanib xabar berişiça, bu bitim kompaniyani 16 mlrd dollarga baholaydi. Bu aprel oyidagi 8 mlrd dollarlik bahodan ikki baravar köp.

Fal’ning E va F seriyali raundlari haqidagi e’loni

F seriyali raundga Bessemer Venture Partners boşçilik qildi. Unda Nvidia, Sound Ventures, HOF Capital va T. Rowe Price ham qatnaşdi. Fal bu raundni yil boşida yopilgan va Sequoia Capital boşçilik qilgan E seriyasi bilan birga e’lon qildi. Kompaniya ma’lumotiga köra, ikki raund doirasida jami 1,65 mlrd dollar jalb qilingan.

Fal video, tasvir va audio yaratuvçi sun’iy intellekt modellarini joylaştiradi va işga tuşiradi. Bunday xizmat inferens deb ataladi, ya’ni allaqaçon öqitilgan model yordamida natija olinadi. Bloomberg manbasiga köra, kompaniyaning yillik daromadi bu yil boşida 800 mln dollardan oşgan. Fal xizmatlaridan köngiloçar studiyalar, reklama agentliklari, elektron tijorat brendlari, öyin işlab çiquvçilar va marketing jamoalari foydalanadi.

Ma’lumotlar markazidagi serverlar

Inferensga talab keskin ösmoqda va uning katta qismi oçiq kodli modellardan foydalanuvçi mijozlarga töğri keladi. Baseten, Fireworks AI va Modal kabi raqobatçilar ham tez ösib, yuqori baholarda yirik sarmoya jalb qilmoqda. Biroq bu kompaniyalarning moliyaviy ahvolidan xabardor manbalarga köra, hisoblaş quvvatlarini sotib oliş yoki ijaraga oliş qimmat bölgani uçun ularning yalpi marjasi hamon past.

Fal’ga 2021-yilda Coinbase’da maşinali öqitiş yönalişiga rahbarlik qilgan va Oracle’da muhandis bölib işlagan Burkay Gür hamda ilgari Amazon’da dasturçi bölgan Görkem Yurtseven asos solgan. Kompaniya yangi mablağlarni inferens quvvatlarini kengaytiriş, jamoani ösdiriş va 2027-yildagi tadqiqotlarga yönaltirişni rejalaştirmoqda.

Sönggi yangiliklar

Barça yangiliklar