Şveysariya-Şvetsiya texnologiya guruhi ABB robototexnika bölinmasini yapon SoftBank kompaniyasiga 5,4 mlrd dollarga sotiş kelişuvi Xitoy hukumati tomonidan bloklandi. Reuters ma’lumotlariga köra, Xitoy rasmiylari bu qarorni SoftBank’ning ğarb kompaniyalari, jumladan OpenAI bilan aloqalari va maxfiy ma’lumotlar AQŞga tuşib qoliş xavfi bilan izohlagan.
ABB sanoat avtomatlaştiriş va elektrlaştiriş uskunalarini işlab çiqaruvçi dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. U sanoat robotlari, elektr dvigatellar, boşqaruv tizimlari, elektr tarmoqlari va elektromobillarni quvvatlaş uçun uskunalar işlab çiqaradi. Kompaniyaning robototexnika bölinmasi avtomobilsozlik, elektronika, logistika va boşqa sohalar uçun robotlar yaratadi.

Ikki tomon hozirça kelişuvni saqlab qolişga harakat qilmoqda. Muhokama qilinayotgan variantlardan biri Xitoydagi biznesni bitimdan çiqarib, uni mahalliy kompaniyaga sotiş yoki alohida birjaga olib çiqişdir. Bu bölim ABB robototexnika biznesining taxminan 30 foizini taşkil etadi. Agar kelişuvga erişilmasa, ABB robototexnika bölinmasini mustaqil kompaniyaga aylantirişi, birjaga olib çiqişi yoki boşqa xaridorga sotişi mumkin.
ABB va SoftBank yaqin haftalarda yeçim topişga umid qilmoqda, biroq muzokaralar 2027-yil boşigaça çözilişi mumkin. Kelişuv şartlariga köra, bitim barbod bölsa, SoftBank kompensatsiya tölaşi ham mumkin, ammo uning miqdori oşkor qilinmagan. ABB avvalroq yapon kompaniyasi bilan konstruktiv muloqotni davom ettirayotganini ma’lum qilgan edi.

SoftBank uçun bitimning barbod böliši robototexnika yönalişini kengaytiriş rejalariga zarba bölişi mumkin: guruh rahbari Masayoşi Son bu sohani kompaniyaning sun’iy intellektga investitsiya strategiyasidagi asosiy yönalişlardan biri deb atagan. Xitoy esa ABB uçun eng yirik robototexnika bozori hisoblanadi: kompaniyaning u yerda 30 ga yaqin zavodi va 130 ga yaqin şaharda 15 ming xodimi bor, Şanxayda esa robototexnika bölinmasining global boş ofisi joylaşgan. Bu holat Xitoyning ilğor texnologiyalarga xorijiy investitsiyalar ustidan nazoratni kuçaytirayotganiga yana bir misol böldi: aprel oyida Pekin Meta’ning Manus startapini 2 mlrd dollardan ortiq summaga sotib olişini ham bekor qildirgan edi.