Uçidan-uçiga şifrlangan Signal messenjeri mobil operatsion tizimlarga örnatilgan sun’iy intellekt yordamçilarining yozişmalarga kirişini çeklay boşladi. Bu haqda kompaniya prezidenti Meredith Whittaker Signal blogida e’lon qildi. Çora birinçi navbatda Apple’ning Siri va Android’dagi Google Gemini yordamçilariga qarşi qaratilgan: ular foydalanuvçi topşiriqlarini bajarayotganda telefon ekranidagi ma’lumotlarni skanerlay oladi.

BleepingComputer naşri xabar berişiça, iOS 27 da Signal’ning «Block Siri AI» deb nomlangan yangi sozlamasi standart holatda yoqilgan. U «App Security» bölimida joylaşgan va Siri’ning Signal’dagi kontentni skanerlaşini, şuningdek, ilova içida hamda ilovalar almaşiş oynasida skrinşot olişni bloklaydi. Signal ta’kidlaşiça, bu himoya foydalanuvçining öz xohişi bilan oladigan oddiy skrinşotlarini ham taqiqlaydi.

Signal’ning iOS uçun ilovasida Siri skanerlaşini bloklaş sozlamasi

Android’da esa Signal sun’iy intellekt yordamçisi ekran mazmunini öqişga urinayotganini aniqlasa, «Screen security» funksiyasini avtomatik ravişda yoqadi. macOS’da hozirça bunday himoyani taqdim etiş imkoni yöq. Kompaniya macOS 27 foydalanuvçilariga Signal’ni tizim sozlamalarining Siri bölimidagi istisno qilingan ilovalar röyxatiga qöşişni tavsiya qilmoqda.

Whittaker’ning tuşuntirişiça, sun’iy intellekt agentlari ma’lumotni bevosita telefon ekranidan tahlil qilib, uni öz bazalarida saqlaşi yoki uzoqdagi serverlarga yuboriş mumkin. Şundan söng kontent Signal’ning himoyalangan muhitidan taşqariga çiqadi va messenjer undan qanday foydalanilişini nazorat qila olmaydi. Signal bunday kiriş imkoniyatini kompaniya uçun «ekzistensial tahdid» deb atadi.

Himoyani sozlamalarda öçirib qöyiş mumkin, biroq bu holda foydalanuvçi va uning kontaktlarining xabarlari tizim agentlariga oçiq qolişi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Whittaker skrinşotlarni bloklaş muammoni töliq hal qilmasligini tan oldi va Apple, Google hamda Microsoft’ni işlab çiquvçilarga sun’iy intellekt agentlarining alohida ilovalar ma’lumotlariga kirişini ularning asosiy funksiyalarini buzmagan holda bloklaş imkonini beruvçi aniq tizim vositalarini taqdim etişga çaqirdi.

Sönggi yangiliklar

Barça yangiliklar