Ovozli tinglash

Narxlar e’lon qilinganidan atigi 10 kun o‘tib, Xiaomi o‘zining birinchi Xiaomi YU7 krossoverini yetkazib berishni boshladi - mashinalar Xitoyning 58 ta eng yirik shaharlarida xaridorlarga yetkazilmoqda. Kompaniya rahbari Ley Szun (Lei Jun) Weibo‘dagi sahifasida quvonchli avtomobil egalarining suratini joylashtirdi. Suratga qaraganda, mashinalar turli ranglarda buyurtma qilingan.

Shu bilan birga, Xitoyda Xiaomi YU7 uchun navbat 62 haftaga - 434 kunga cho‘zilgan. Avvalroq kompaniya mashinaning kutish muddatini qisqartirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Xiaomi YU7 ning o‘lchamlari 4999 x 1996 x 1600 mm, g‘ildirak bazasi 3000 mm. Avtomobil uchta kuch qurilmasi bilan taklif qilingan: 320 (bitta motor, orqa g‘ildirak), 496 va 690 ot kuchi (ikkitadan motor va to‘liq uzatma). To‘liq zaryadlangan tortish batareyasida yurish zaxirasi CLTC sikli bo‘yicha 760 dan 835 km gacha. Narxlar - 35,3 dan 46 ming dollargacha.