Ovozli tinglash

Apple Xitoydagi flagman do‘konini yopadi. 21st Century Business Herald gazetasining xabar berishicha, Dalyandagi do‘kon 9 avgust kuni o‘z faoliyatini to‘xtatadi. 2015-yil oktyabr oyida ochilgan do‘kon Dalyandagi birinchi rasmiy Apple do‘koni va shimoli-sharqiy Liaoning provinsiyasidagi ikkinchi do‘kon edi. Kompaniya hozircha yopilish sabablarini oshkor qilmadi.

Do‘konning yopilishi haqidagi bayonot kompaniyaning 2025-moliyaviy yilning ikkinchi choragida e’lon qilingan moliyaviy natijalari fonida e’lon qilindi. Apple’ning umumiy daromadi 95,36 milliard dollargacha o‘sganiga qaramay (bir yil avvalgidan 5 foizga ko‘p), Xitoyning materikdagi ko‘rsatkichlari kutilganidan biroz pastroq bo‘ldi. Xitoyda daromad 16 milliard dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 2 foizga kam.

IDC tahliliy kompaniyasi ma’lumotlari tushum pasayishining ehtimoliy sabablarini yoritib beradi. 2025-yilning ikkinchi choragida Huawei 12,5 million dona qurilma yetkazib berib, Xitoy bozorida smartfonlar savdosi bo‘yicha yetakchiga aylandi va bozorning 18,1 foizini egalladi. Apple 13,9 foizlik bozor ulushi bilan Vivo, OPPO va Xiaomi’dan keyin atigi beshinchi o‘rinni egalladi. Ta’kidlash joizki, 2024-yilning to‘rtinchi choragida Apple Xitoy smartfon bozorida 17,4 foiz ulush bilan yetakchi o‘rinni egallab turgan edi.

Bu yagona holat bo‘ladimi yoki kompaniyaning Xitoy smartfon bozoridagi ishtirokiga kengroq tuzatish kiritishning boshlanishi bo‘ladimi, hozircha noma’lum.