Li Auto bosh direktori Li Syan Li i8 to‘liq elektr krossoveri sotuvlar 2025-yil 29-iyulda boshlanganidan beri 30 000 dan ortiq oldindan buyurtmalarni to‘plaganini e’lon qildi.
Avvalroq model komplektatsiyalarini unifikatsiya qilish, faqatgina i8 Max versiyasini 47 300 dollar atrofida arzonlashtirilgan narxda qoldirishga qaror qilingani ma’lum bo‘lgandi. Shuningdek, xaridorlarga sovg‘a sifatida premium audio tizimi va orqa yo‘lovchilar uchun ixtiyoriy ko‘ngilochar ekran taqdim etiladi.
Li i8 brendning birinchi to‘liq elektr krossoveri bo‘lib, ikkita elektr motor (400 kVt, 536 ot kuchi), 90,1 yoki 97,8 kVt/soat batareyalar (CLTC bo‘yicha 720 km gacha yurish zaxirasi) va 10 daqiqada 500 km masofani bosib o‘tish imkonini beruvchi 5C quvvatlanishini qo‘llab-quvvatlaydi. 5085×1960×1740 mm va 3050 mm g‘ildirak bazasiga ega avtomobil olti o‘rindiqli keng salonni takomillashtirilgan funksiyalar, jumladan, lidar, ikki kamerali pnevmatik osma va Vision-Language-Action haydovchiga yordam tizimi bilan taqdim etadi.
Li Auto, shuningdek, uzoq yo‘nalishlarda zaryadlash bilan bog‘liq xavotirlarni bartaraf etish uchun 16 000 zaryadlash qurilmasiga ega 3000 ta zaryadlash stansiyalari tarmog‘ini faol ravishda kengaytirmoqda. Yetkazib berish 20-avgustdan, test-drayvlar esa 30-iyuldan boshlanadi.
Yangilik minivenning qulayligi, sedanning boshqariluvchanligi va yo‘ltanlamasning o‘tuvchanligini birlashtiradi. Kompaniya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Li i8’ni ishlab chiqish deyarli o‘n yil davom etgan: 2015-yildayoq kompaniya elektromobillar tendensiyalarini tahlil qilishni boshlagan, loyihaning o‘zi esa 2021-yilda ishga tushirilgan.