Ovozli tinglash

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-maydagi "Hududlarda yoshlarni raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarga o‘qitish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan "IT-shaharchalar" faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, har bir hududda bittadan "IT-shaharcha" tashkil etish belgilangan. Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida "IT Town" majmuasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.

"IT Town" 20 ta xonadan iborat ikki qavatli binoda joylashgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 200 nafar yoshlarni o‘qitish imkoniyatiga ega.
Majmua zamonaviy standartlar asosida qurilgan bo‘lib, axborot texnologiyalari va xorijiy tillar bo‘yicha ta’lim olish, kasb-hunar egallash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. O‘quv jarayoniga 10 dan ortiq malakali o‘qituvchilar jalb etilgan.

Obyektda "Startap-garaj," kovorking zonalari, frilanserlar uchun maxsus joylar, konferensiya zali, shuningdek, dasturlash, robototexnika, 3D grafika, grafik dizayn, SMM, zamonaviy kasblar va xorijiy tillar bo‘yicha o‘quv markazlari mavjud.

Tadbirda vazir va viloyat hokimi tomonidan "IT Town"da yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlar va xorijiy tillarga o‘qitish, bugungi bozor talablaridan kelib chiqqan holda tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda, axborot texnologiyalarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2024-yilda Farg‘ona viloyatida ko‘rsatilgan IT-xizmatlar hajmi 587 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 115 foizga o‘sdi. Birgina dasturlash sohasidagi xizmatlar hajmi 99,7 foizga o‘sib, 104 milliard so‘mni tashkil etdi. Viloyatda IT Park a’zolari soni 80 tadan 106 taga, yaratilgan ish o‘rinlari soni esa 797 tadan 1397 taga ko‘paydi.

Bugungi kunda 24 ta a’zo kompaniya IT-xizmatlar eksporti bilan shug‘ullanmoqda, 33 tasi raqamli ta’lim sohasida xizmatlar ko‘rsatmoqda va 46 tasi ichki bozorda faoliyat yuritmoqda. Ushbu kompaniyalar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi 112,4 milliard so‘mdan oshdi. "Bir million dasturchi" tashabbusi doirasida bugungi kunga qadar viloyatda 28 mingga yaqin yoshlar axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘qitildi.