Ovozli tinglash

Amerikaning sun’iy intellektni rivojlantirishga ixtisoslashgan Perplexity AI kompaniyasi Google’dan Chrome brauzerini 34,5 mlrd dollarga sotib olish taklifini bildirdi.

Qiymat Perplexity AI’ning 18 milliard dollarlik bahosidan deyarli ikki baravar ko‘p, biroq kompaniya ehtimoliy bitimni moliyalashtirish uchun bir nechta investorlarning roziligini olganini ma’lum qildi.

Tashabbus AQSH Adliya vazirligining Google’ga qarshi 2025-yil mart oyida berilgan monopoliyaga qarshi da’vosi fonida paydo bo‘ldi. Muhokama doirasida qidiruv bozoridagi raqobatchilar uchun teng sharoitlarni ta’minlash maqsadida kompaniyani Chrome egaligidan voz kechishga majburlash imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Avvalroq brauzerni sotib olishga OpenAI va Yahoo ham qiziqish bildirgan edi.

Kolumbiya okrugi federal sudining 2024-yil avgustdagi qaroridan so‘ng Google’ga nisbatan monopoliyaga qarshi bosim kuchaydi. Sud kompaniya o‘z mavqeini suiiste’mol qilib, internet-qidiruv bozorining qariyb 90 foizini nazorat qilganini va Google’ni o‘z qurilmalari va xizmatlarida standart qidiruv tizimi sifatida belgilash uchun Apple, Samsung va Verizon bilan shartnomalar tuzganini tan oldi.