OpenAI kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ChatGPT chat-botiga har kuni butun dunyodan 2,5 milliard so‘rov kelib tushadi. Ularning 330 millionga yaqini AQSH foydalanuvchilaridan keladi. Bu haqda Axios nashri xabar berdi.
Google’ning bosh kompaniyasi Alphabet bunga o‘xshash statistikani e’lon qilmasa-da, yaqinda Google yiliga 5 trillion so‘rov qabul qilishini, bu kuniga o‘rtacha 14 milliarddan sal kamroq so‘rovni tashkil etishini ma’lum qildi. Mustaqil tadqiqotchilar ham shunga o‘xshash tendensiyalarni aniqlashdi. NP Digital kompaniyasidan Nil Patelning hisob-kitoblariga ko‘ra, Google har kuni 13,7 milliard so‘rov oladi, raqamli marketing bilan shug‘ullanuvchi SparkToro va Datos kompaniyalarining tadqiqotlari esa bu ko‘rsatkich kuniga taxminan 16,4 milliardni tashkil etishini ko‘rsatmoqda.
Dekabr oyida OpenAI bosh direktori Sem Altman foydalanuvchilar har kuni ChatGPT’ga bir milliarddan ortiq so‘rov yuborayotganini ma’lum qildi. Altmanning aytishicha, so‘nggi sakkiz oy ichida so‘rovlar hajmi ikki baravardan ham ko‘proq oshgan.