Ovozli tinglash

Google kompaniyasi tez orada Chrome brouzerida macOS 11 Big Sur operatsion tizimini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatadi. Chrome platformasining holat sahifasida Chrome 138 macOS 11.0 ni qo‘llab-quvvatlaydigan brauzerning so‘nggi versiyasi bo‘lishi aytilgan.

Big Sur nomi bilan ham tanilgan ushbu operatsion tizim 2020-yil iyun oyida e’lon qilingan va o‘sha yilning noyabr oyida Apple kompyuterlari foydalanuvchilari uchun taqdim etilgan. 2021-yilda uning o‘rniga macOS 12 Monterey keldi va 2023-yil noyabr oyida Apple ushbu operatsion tizimni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatdi.

Chrome 139 nashri (2025-yil 30-iyulda chiqarilishi kutilmoqda) eslatmalarida Google kompaniyasining o‘zi Big Sur-ni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatganini ta’kidlaydi. Chrome macOS 11 Big Sur operatsion tizimida ishlashda davom etsa-da, unga hech qanday yangilanish, xavfsizlik tuzatmalari yoki yangi funksiyalar kiritilmaydi. Chrome 139 uchun kamida bir yil oldin qo‘llab-quvvatlanishi tugagan macOS 12 Monterey kerak bo‘ladi.

Avvalroq Chrome 139 Android’ning ikkita eskirgan versiyasi, ya’ni Android 8.0 Oreo va Android 9.0 Pie’ni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi haqida xabar berilgandi.