Ovozli tinglash

Telegram asoschilaridan biri Pavel Durovning aytishicha, Fransiyada har qanday texnologik kompaniya jinoyatchi deb topilishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy byurokratlarning xatti-harakatlari sohaga investitsiyalarni jalb qilish sa’y-harakatlariga putur yetkazmoqda.

Ayni paytda Fransiyadagi har qanday texnologik kompaniya "jinoiy guruh" deb e’lon qilinishi mumkin. Texnologiya sohasiga sarmoya jalb qilish bo‘yicha o‘n yillik sa’y-harakatlar fransuz xalqi hisobiga o‘z martabalari va siyosiy maqsadlarini ilgari surayotgan bir nechta byurokratlar tufayli barbod bo‘lmoqda.

Pavel Durov

Avvalroq Fransiya rasmiylari Ilon Maskka tegishli X platformasi bo‘yicha tergov boshlagan edi. Bunga algoritmlarni manipulyatsiya qilish va ma’lumotlarni noqonuniy yig‘ish ayblovlari sabab bo‘lgan. X kompaniyasi bu da’volarni asossiz deb atadi.

Avvalroq Pavel Durov Telegramning Rossiyadan chiqib ketishi haqidagi mish-mishlarni rad etgandi. U messenjerga qarshi obro‘sizlantirish dasturi olib borilayotganini taxmin qildi. O‘tgan yilning avgust oyida Pavel Durov Fransiyada hibsga olindi va u yerda bir necha oy turdi.